четверг, 26 июня 2014 г.

Muhammad Yusuf


Мендан нима қолар: 
Икки мисра шеър, 
Икки сандиқ китоб, 
Бир уюм тупроқ. 
Одамлар ортимдан 
Нима деса дер, 
Мен сени ўйлайман 
Ўзимдан кўпроқ – 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Мен кетсам, ёмондан 
Йироқ бўл, оҳу, 
Чунки сен чиройли, 
Кўркли бир жувон. 
Ёмон кунлар бир кун 
Яхши бўлар-у, 
Ёмон одам яхши 
Бўлмас ҳеч қачон… 
Яша чегарада 
Тургандек огоҳ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Уйда ётибман-у, 
Сезиб турипман, 
Кўкда келаётир 
Қушлар қайтишиб. 
Хайрлар ёғдириб 
Қанотларидан, 
Хаста шоирига 
Видо айтишиб. 
Бор, менинг учун ҳам 
Уларга қўл қоқ – 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Уларни мен яна 
Кўрарманми-а, 
Айвондан одамдек 
Кузатолмадим. 
Куз. Тўйлар бошланди. 
Юрагим пора – 
Битта қизимни ҳам 
Узатолмадим… 
Демак, тақдир экан 
Тўй кўрмай ўлмоқ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Бироқ, кўнглим сезар, 
Мендан кейин ҳам, 
Бир кун бу ҳовлига 
Одам тўлади. 
Ҳали тўйлар қилиб 
Чарчайсан, эркам, 
Менинг қизларим энг 
Бахтли бўлади! 
Келинлар кўйлаги 
Руҳимдай оппоқ – 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Гулим, яқинроқ кел, 
Қара, не савдо, 
Бу ажиб ишларни 
Дил лавҳига ёз: 
Кимга қаср етмас, 
Кимга мол-дунё, 
Менга эса ҳаво 
Етмайди, холос. 
Тириклар мудроқда, 
Ўликлар уйғоқ – 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Кўксим куйиб борар, 
Кўкрак ёнмоқда, 
Айтинг дўхтирларга, 
Ёришса ёрсин! 
Жисм ўз улфати – 
Жондан тонмоқда. 
Бечора жон энди 
Қаерга борсин. 
Энди осмон йироқ, 
Энди ер юмшоқ – 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Буну хаёт дерлар, 
Унутма асло, 
Бир кун очиласан, 
Бир кун сўласан. 
Қалбимда-ку, фақат 
Сен эдинг танҳо, 
Қабрим устида ҳам 
Ўзинг бўласан. 
Сен бизнинг севгидан 
Хотира – байроқ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Аёл қалбинг билан 
Сув кеч, олов кеч, 
Ғам келса бошингдан 
Хушинг учмасин. 
Худодан сўрадим: 
Мендан кейин ҳеч, 
Номард кимсаларга 
Ишинг тушмасин. 
Уларнинг қўлида 
Ҳамиша тузоқ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Ишинг тушса, иним 
Муҳаммадга бор, 
Шоирлар ичида 
Ишонганим шу. 
Бироз ичишини 
Айтмаса агар, 
Кўкси тиниқ бола, 
Ҳалол бола у. 
Фақат сал соддароқ, 
Фақат сал ёшроқ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ! 
Жон сўнги бошпана 
Топаркан онгда, 
У юрак остида 
Дердим мен бўлсам. 
Ажабланма агар 
Эртага тонгда 
Сени ўпиб, Ўшни 
Қучоқлаб ўлсам!.. 
Ўтинчим – тепамда 
Йиғлама узоқ, 
Лола, лолажоним, 
Лолақизғалдоқ!



Vatanim
Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon, O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim, Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi, Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri -
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan, Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da`vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan, Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin - Qurdistonda,
Boburing - Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb 
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga 
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning - o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab, Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen - shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam, O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan 
Ulug`imsan, VATANIM !


Tilak
Har kimning ham sochlariga oq tushsin,
Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin.
Har kimning ham quvvat ketib belidan,
Qo`llariga aso - bir tayoq tushsin.

Imoni sof, yuzga kirib yorug` yuz,
To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin.
Jismiga so`nggi safar oldidan
O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin...


O`zbek
Sen pahta terarding yeti bukilib,
Paykalingda eding ey onajonim.
O`zbekmisiz, deya g`alati kulib,
Mendan so`rab qoldi bir tannoz honim.

Tannozlar bilan ne ishim bor,
Yorab,
Ammo tushundim bu ishorasiga.
Qarshimda turardi u ermaktalab,
Malika boqqandek fuqarosiga...

Mana, gazetalar chiqdi qo`ynidan,
Hammasi o`zicha qiladi talqin.
Tillolar topilgan emish uyingdan,
Oltinga ko`milib qolibsan, halqim.

Sen nega Qrimga bormaysan yozda,
Yoki sen otangni o`gay o`g`lisan?!
So`ksa indamaysan, qo`ymi - to`qlisan,
Ursa yig`lamaysan, demak -o`g`risan!

Sahardan shomgacha mo`ltirab, ko`zing 
Ko`rmay qolgunicha chopding dalangni.
O`g`irlik qilmasang, ayt axir o`zing,
Qanday boqayapsan shuncha bolangni.

Xonim nigohidan uqqanlarim bu,
Ko`nglimdan kechganin bilib turadi.
Yasama yuzida yasama qayg`u,
O`zbekmisan, deya kulib turadi.

Bir boplay dedimu tilimni tiydim,
Mayli, odam qurib shunga so`z deymi.
O`zbekni yer tanir,
Osmon taniydi.
Tannozlar qayoqdan bilsin o`zbekni!


O`zbek haqida ballada
Qiyosi yo`q uning mehri bir daryo,
O`xshasa o`ziga o`xshaydi O`zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O`zbek!

O`nta bo`lsa o`rni boshqa uningchun,
O`g`lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O`zbek!

Bir qo`lda belanchak, bir qo`lda Qur`on,
Bir elkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O`zbek!

Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari hushro`y yuzdan oshsa ham.
Zurryodlari bo`lsa bitta uyga jam,
To`shak yetmay to`nin to`shaydi O`zbek!

Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo`yin egmaydi zinhor.
Beshik to`la jajji islomlari bor,
Tosh o`tmas qo`rg`onga o`xshaydi O`zbek!

Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O`xshasa o`ziga o`xshaydi O`zbek.
Yomon sher yozsang ham betingdan o`pib,
Kam bo`lma bolam deb yashaydi O`zbek!


Biz baxtli bo'lamiz 
Mayli-da, kimgadir 
Yoqsa, 
Yoqmasa, 
Ularga qo`shilib 
Yig`lasharmidik. 
Biz baxtli bo`lamiz 
Xudo xohlasa, 
Xudo xohlamasa 
Uchrasharmidik… 

Rayhon hidlaringni 
Yo`llarimga sep, 
Kut meni, 
Har oqshom, 
Ko`kka oy chiqqan. 
Faqat, 
Yig`lamagin, 
Gunohim ne deb, 
Aybing - 
Onang seni 
Chiroyli tuqqan!.. 

Menga 
Bir tabassum 
Hadya et, ey yor, 
Nur tomsin 
Lablaring 
Sohillaridan. 
O`zing ayt, 
Senday qiz 
Yana qayda bor, 
Kipriklari uzun - 
Kokillaridan?.. 

Iymanib yashama 
Xayol pinjida, 
Yoyil, 
Yayra jonim, 
O`rtanma g`amda. 
G`iybatlarga chida, 
Tuhmatga chida, 
Sen bittasan, axir, 
Yorug` olamda. 

Men esa 
Oshig`ing sening - 
Eng g`arib. 
Tundan so`z 
Qarz olib, 
Tongga tutguvchi. 
Sening yonimda ham 
Seni axtarib, 
Sening yoningda ham 
Seni kutguvchi. 

Ista, 
Tiz cho`kaman 
Hozir oldingda. 
Sevdim, 
Sevganimdan 
Uyalmoq nechun. 
Barcha farishtalar 
Sening qalbingda 
Ijarada turgan 
Qizlar men uchun!.. 
Biz baxtli bo`lamiz 
Xudo xohlasa. 
Xudo xohlamasa, 
Uchrasharmidik?!





Комментариев нет:

Отправить комментарий